O'zbekistondagi biznesga suveren bulutga o'tish arziydimi
Orqaga
Regulyatorika 10 daq o'qish 2026-yil 27-mart

O'zbekistondagi biznesga suveren bulutga o'tish arziydimi

Veronika Kosareva, UzCloud product menejeri

Bir necha yil oldin O'zbekiston kompaniyalari uchun bulutli provayderni tanlash juda oson edi: Digital Ocean, Hetzner, AWS — arzon, tez, hammaga tanish. Endi esa vaziyat o'zgardi. Gap global servislarning yomonlashganida emas. Yangi reallik — mahalliy qonunchilik va regulyatorlarning qat'iy talablari o'z shartlarini diktovka qilmoqda. Ma'lumotlarni uzatish narxi va tezligi yagona mezon bo'lmay qoldi. Bugun birinchi o'rinda — yuridik xavfsizlik va davlat standartlariga qat'iy rioya qilish.

Yuridik nuanslar

Hammasi «Shaxsiy ma'lumotlar to'g'risida»gi 547-sonli Qonundan (O'RQ-547) boshlanadi. Qonun barcha operatorlarni O'zbekiston fuqarolarining ma'lumotlarini faqat mamlakat hududida jismonan joylashgan serverlarda saqlash va qayta ishlashga majbur qiladi.

Agar ilovangiz o'zbekistonliklarning ism-sharifi, telefon raqami, manzili yoki to'lov ma'lumotlarini yig'sa — ular O'zbekiston ichida saqlanishi shart. Xorijiy serverlar (masalan, AWS'ning Yevropa klasterlari) bu talabga umuman to'g'ri kelmaydi. Qoidabuzarlik qilsangiz, regulyator tizimingizni shunchaki bloklaydi va ma'muriy jarima yozadi.

Asosiy qonun bilan birga sohani tartibga soluvchi boshqa hujjatlar ham bor. Moliya sektori uchun uchta asosiy hujjat mavjud:

  • O'RQ-964 qonuni (2024-yil): Banklar, nobank kredit tashkilotlari va to'lov tizimlari operatorlari uchun yagona kiberxavfsizlik standartlarini belgilaydi. Endi banklar nafaqat ma'lumotlar sizib chiqqani uchun, balki istalgan kiber-insident uchun sanksiya olishi mumkin.
  • Markaziy bankning 19/1-sonli Qarori (2025-yil): Banklarga barcha ma'lumotlar bazalari va serverlarni bankning o'zida, filiallarida, boshqa banklarda, MBning bulutli DPC'larida yoki davlat ma'lumotlar markazlarida joylashtirishni majbur qiladi. AWS yoki Azure kabi xalqaro platformalar bu talablarga moslashmagan.
  • Markaziy bankning 13/1-sonli Qarori (2024-yil): To'lov tizimlari operatorlari va to'lov xizmatlarini ko'rsatuvchilar uchun aniq texnik talablarni qo'yadi.

Infratuzilmaga bevosita taalluqli asosiy shartlar:

  • Barcha asosiy va zaxira axborot tizimlari jismonan O'zbekiston hududida ishlashi kerak
  • Tizimli ahamiyatga ega to'lov tashkilotlarining zaxira ma'lumotlar markazi asosiysidan kamida 50 km uzoqlikda, boshqa o'yinchilar uchun esa kamida 5 km uzoqlikda joylashishi shart
  • Xalqaro to'lov tizimlari bilan ishlaydigan barcha axborot tizimlari PCI DSS standartiga mos kelishi majburiy

Va nihoyat, regulyator talablarining oxirgi qatlami — «Kiberxavfsizlik to'g'risida»gi Qonun (2022) va Prezidentning PQ-167 Qarori (2023). Ular muhim axborot infratuzilmasi (MAI/КИИ) obyektlari maqomini uzil-kesil mustahkamladi. Banklar, telekom, davlat sektori va energetika uchun majburiy zaxiralash, insidentlar monitoringi va tizimga kirishni qat'iy nazorat qilish endi qonuniy ishlashning tayanch shartidir.

Shakllangan me'yoriy baza IT-infratuzilmani tanlash mantiqini butunlay o'zgartirmoqda. Bugun xorijiy bulutdan foydalansangiz, komplayens bo'yicha juda ko'p bosh og'rig'iga tayyor turishingiz kerak. Suveren bulut esa bu regulyator muammosini eng boshidanoq yopib beradi.

Ulanish tezligi (Latency)

Mahalliy bozorda ishlaydigan kompaniyalar uchun serverning uzoqligi bevosita yuqori tarmoq kechikishlariga olib keladi. WonderNetwork ma'lumotlariga ko'ra, Frankfurt yoki Moskvadagi server O'zbekistondagi yakuniy foydalanuvchiga kamida 60 ms ping beradi. Oddiy saytlar uchun bu normal holat, ammo fintex-tranzaksiyalar, Real-time API va yuqori yuklamali davlat tizimlari uchun bu unumdorlikning va xizmat sifatining sezilarli darajada tushib ketishi demakdir.

Agar asosiy auditoriyangiz O'zbekistondan tashqarida bo'lsa, xorijiy provayder yaxshiroq — ular chet ellik yuzerlar uchun tezroq ishlaydi.

Xizmatlar uchun to'lov

Xorijiy provayderlar hisobni dollar yoki yevroda yozadi. Demak, har bir to'lov avtomatik ravishda valyuta operatsiyasiga aylanadi. Bunga konvertatsiya xarajatlari, bank komissiyalari va valyuta kursidagi tebranishlarni qo'shsangiz, yakuniy summa ancha shishib ketadi. Eng yomoni — to'lov sxemasining o'zi: ko'p kompaniyalar vositachilar yoki virtual kartalardan foydalanadi, bu esa ortiqcha risk va noaniqlik yaratadi.

Mahalliy provayder bilan ishlaganda esa valyuta xavfi nolga teng. Vositachilarsiz va konvertatsiyasiz, so'mdagi to'g'ridan-to'g'ri hisob-kitoblar IT-byudjetni shaffoflashtiradi, xarajatlarni esa oldindan prognoz qilish mumkin bo'ladi. Tarifi arzonroq ko'ringan xorijiy provayder to'lov komissiyalari sababli oxir-oqibat ancha qimmatroqqa tushishi mumkin.

Support va vaqt mintaqasi

Texnik muammolar ish grafigiga qarab o'tirmaydi. Xorijiy provayderlar bilan oradagi vaqt farqi ko'pincha javoblarning kechikishiga olib keladi: Toshkent vaqti bilan tungi soat uchda tizimingiz qulasa, chet el provayderi endigina ofisga kelayotgan bo'ladi. Javob kutish soatlarga cho'ziladi, til to'sig'i esa muammoni topishni qiyinlashtiradi.

Mahalliy muhandislar jamoasi esa siz bilan bir xil vaqt mintaqasida yashaydi, o'zbek va rus tillarida gaplashadi, eng muhimi — O'zbekiston regulyatorikasi o'ziga xosliklarini ich-ichidan tushunadi.

Asosiy xulosalar

Bugun O'zbekiston biznesi bulutli provayderni tanlashda bir nechta omillarni ko'rib chiqishi shart: yuridik talablar, operatsion xarajatlar, ulanish tezligi va support sifati. Xalqaro auditoriyaga ega kompaniyalar uchun xorijiy provayderlarning global qamrovi hali ham muhim argument.

Ammo O'zbekiston fuqarolarining ma'lumotlari bilan ishlaydigan biznes uchun mahalliy bulutga o'tish — bu majburiy huquqiy xavfsizlikdir. O'RQ-547 qonuni va regulyatorlar talablarini bajarish — bu poydevor. Byudjetni valyuta tebranishlaridan asrash, to'lovlarni osonlashtirish va o'zingizning tilingizda, o'zingizning ritmingizda ishlaydigan tehnik qo'llab quvvatlash hizmati — bular ham ancha jiddiy argumentlardir.

Xulosa shuki, bulut infratuzilmasining to'g'ri konfiguratsiyasi ikkita narsaga bog'liq: mijozlaringiz qayerda va qonun sizdan nimani talab qilyapti. Hozirdanoq arxitekturani to'g'ri qurgan kompaniyalar kelajakdagi og'riqli, asabiy va qimmat migratsiyalardan qutulib qoladi.