Ommaviy oferta
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Uzcloud brendi ostida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi xizmatlari va bulutli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ommaviy ofertasi
Mundarija
Ushbu Ommaviy oferta O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida” 2024-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-1015-son Qonuni, Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga (26.01.2026-yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3762) muvofiq litsenziyalar asosida faoliyat yurituvchi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining (keyingi o‘rinlarda - Operator) fuqarolik-huquqiy munosabatlar subyekti (keyingi o‘rinlarda - Abonent) bilan Uzcloud brendi ostida bulutli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzish haqidagi rasmiy taklifi hisoblanadi.
Ushbu Ommaviy oferta Operatorning Internet tarmog‘idagi rasmiy sayti - www.uztelecom.uz manzilida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va saytda uning qaytarib olinganligi to‘g‘risida rasmiy xabar joylashtirilgunga qadar amal qiladi.
Operator Ommaviy oferta shartlariga ushbu Ommaviy ofertada belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Ushbu Ommaviy ofertaning shartlari Uzcloud brendi ostida bulutli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha Operatorga murojaat qilgan barcha Abonentlar uchun yagona shartlar hisoblanadi.
Umumiy shartlar
Elektron abonent shartnomasining tuzilishi va Abonent tomonidan “Uzcloud” platformasida (portal.Uzcloud.uz) Hisob yozuvining ro‘yxatdan o‘tkazilishi uning ushbu Ommaviy ofertaning barcha shartlarining akseptini (Abonentning ushbu Ommaviy oferta shartlarini qabul qilishga roziligini) anglatadi.
Bulutli xizmatlar ko‘rsatilishi boshlangan sana bo‘lib, Abonent tomonidan birinchi (avans) to‘lovi amalga oshirilishi (Balansning to‘ldirilishi) sanasi hisoblanadi.
Operator kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin Abonentni xabardor qilgan va Operatorning veb-saytida e’lon qilgan holda ushbu Oferta shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirish huquqiga ega.
Ushbu Ofertaning amaldagi tahriri quyidagi manzillarda joylashtirilgan: https://uztelecom.uz/ru/o-kompanii/publichnaya-oferta/ va https://uzcloud.uz/oferta.
1. Atamalar va ta’riflar
Ushbu Ofertada va unga bog‘liq barcha hujjatlarda quyidagi atamalar va ta’riflar qo‘llanilgan:
Abonent – ushbu Ommaviy oferta shartlari asosida Operator bilan Uzcloud brendi ostida bulutli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha Abonentlik shartnomasini tuzgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar subyekti (jismoniy shaxs, yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor, mulkchilik shaklidan qat’i nazar yuridik shaxs, nodavlat tijorat tashkiloti, ommaviy-huquqiy tuzilma va h.k.).
Korporativ abonent – Xizmatlardan tadbirkorlik yoki ustavda belgilangan boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadida foydalanuvchi, yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan Abonent.
Abonent shartnomasi – jismoniy va yuridik shaxs bo‘lgan Abonentlar, yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektron yoki qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladigan, Abonent tomonidan ushbu Ommaviy oferta shartlari qabul qilinganligi faktini qayd etuvchi hujjat (keyingi o‘rinlarda – Shartnoma). Mazkur hujjat Abonent haqidagi ma’lumotlarni, Operator Abonentga ko‘rsatish majburiyatini oladigan bulutli xizmat turlarini va ularni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan elementlarni (raqam, kirish/aktivatsiya kodlari, tarif rejasi va h.) hamda boshqa muhim shartlarni o‘z ichiga oladi.
Abonent to‘lovi – Operator tomonidan Abonentga ko‘rsatiladigan Xizmatlar uchun iste’mol qilingan Xizmatlar hajmidan qat’i nazar to‘lanadigan so‘zsiz (qat’iy) har oylik belgilangan to‘lov.
Avans to‘lovi – Abonent tomonidan kelgusi hisob-kitob davrida bulutli xizmatlardan foydalanganlik uchun Operatorning hisob raqamiga to‘liq hajmda (100 %) to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari summasi (oldindan to‘lov) bo‘lib, bunda tadbirkorlik subyektlari uchun Abonent logini va Shartnoma raqami ko‘rsatilishi shart. Avans to‘lovi tanlangan tarif/tarif rejasiga muvofiq abonent to‘lovi qiymatidan hamda bulutli xizmatlarning tanlangan turlari qiymatidan shakllanadi. Avans to‘lovi bank o‘tkazmasi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan naqd pulsiz hisob-kitobning boshqa usullari orqali naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Autentifikatsiya ma’lumotlari – (agar talab etilsa, qo‘llaniladi) ushbu Ommaviy oferta shartlari asosida tuzilgan Shartnomaga muvofiq Operator tomonidan shakllantiriladigan Abonentning shaxsiy hisob ma’lumotlari majmuyi:
a) Foydalanuvchi nomi (login) – Operator tizimidagi Abonentning asosiy shaxsiy identifikatsiya parametri. Shartnoma tuzish va Abonentni birlamchi ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida Abonentga beriladi, amaldagi Shartnoma doirasida o‘zgartirilishi mumkin emas.
b) Parol (password) – Abonentning shaxsiy hisob ma’lumotlariga va boshqa yopiq ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishdan himoyalanish vositasi. Birlamchi parol Operator tomonidan shakllantiriladi va beriladi, keyinchalik parol Abonent tomonidan o‘zgartirilishi mumkin. Foydalanuvchi nomi va paroldan Abonent masofaviy ulanishni o‘rnatish va Operatorning kirish serverida avtorizatsiyadan o‘tish, shuningdek, shaxsiy kabinetga kirish uchun foydalanadi.
Shaxsiy hisob balansi – ma’lum bir vaqtda Abonentning Shaxsiy hisobidagi ikkita pul mablag‘lari summasi o‘rtasidagi farq. Birinchi summa Shaxsiy hisobga kiritilgan pul mablag‘laridan iborat bo‘lsa, ikkinchi summa ushbu Shartnomada belgilangan muddatda ko‘rsatilgan bulutli xizmatlar uchun Operator tomonidan Abonentning Shaxsiy hisobdan еchib olingan pul mablag‘laridan iborat bo‘ladi.
Billing - resurslarning amalda foydalanilgan hajmiga asoslangan holda hisob-kitoblarni soatlik aniqlikda amalga oshiradigan avtomatlashtirilgan tariflash tizimi.
Beta-funksiya - sinov (test) bosqichida bo‘lgan va Abonentga barqaror ishlashi hamda doimiy foydalanish imkoniyati kafolatlanmagan holda tanishib chiqish maqsadida taqdim etiladigan Platformaning servisi yoki funksional moduli; Beta-funksiyalarga nisbatan SLA (Service Level Agreement) shartlari qo‘llanilmaydi.
Dauntaym - Operatorning aybi bilan Xizmatdan butunlay foydalanish imkoniyati bo‘lmaganligi hujjatlashtirilgan davr (SLAda belgilangan istisnolarda ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno).
Servisli kredit - SLA buzilganda amalga oshiriladigan kompensatsiyaning shakli: Abonent Balansiga virtual tarzda hisoblanadigan, pul mablag‘lariga almashtirilishi mumkin bo‘lmagan mablag‘lar.
Abonent kontenti - Abonent tomonidan Operator resurslariga joylashtirilgan har qanday ma’lumotlar, dasturiy kod, ma’lumotlar bazalari, tasvirlar va boshqa axborotlar.
Taqsimlangan javobgarlik modeli - majburiyatlarni taqsimlash tamoyili bo‘lib, unga ko‘ra Operator jismoniy infratuzilma va gipervizorlar uchun, Abonent esa - o‘z muhiti doirasida gipervizor ichida o‘rnatilgan operatsion tizimlar (Guest OS), ilovalar, ma’lumotlar hamda tarmoq sozlamalari uchun javobgar hisoblanadi.
Individual shartnoma (Enterprise Agreement) - korporativ Abonent bilan tuziladigan, individual tariflar va xizmat ko‘rsatish parametrlari qismida ushbu Oferta shartlarini almashtiruvchi yoki to‘ldiruvchi alohida ikki tomonlama shartnoma.
Abonentning shaxsiy hisobi - ushbu Oferta doirasida xizmatlardan foydalanishda Abonent tomonidan kiritiladigan va sarflanadigan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni pul ekvivalentida o‘z ichiga oluvchi, Operatorning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimidagi (billing) tahliliy elektron hujjat.
Shaxsiy kabinet - Xizmatlarni boshqarish, foydalanilgan Xizmatlarni va hisob-kitoblarni monitoring qilish uchun portal.Uzcloud.uz manzilidagi himoyalangan veb-interfeys.
Operatorning veb-saytidagi ixtisoslashtirilgan, Abonentning autentifikatsiya ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishdan himoyalangan veb-sahifa. Unda autentifikatsiya ma’lumotlari, olingan Xizmatlar hajmi haqidagi statistik ma’lumotlar, Abonent shaxsiy hisob raqamining joriy holati va boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘ladi. Shaxsiy kabinetda aks ettirilgan ma’lumotlar ma’lumotnoma shaklida bo‘lib, Operatorning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimidagi (AHT) ma’lumotlardan farq qilishi mumkin. Joriy, tugallanmagan ulanish sessiyasi vaqtidagi Shaxsiy kabinet ko‘rsatkichlari sessiya yakunlangandan keyingi ko‘rsatkichlardan farq qilishi mumkin va faqat Shaxsiy kabinet parametrlarida sessiya yakunlangani qayd etilgandan keyingina haqqoniy hisoblanadi. Shaxsiy kabinetda Abonent aniq xizmatlarga obuna bo‘lishi, ulardan voz kechishi, parolni o‘zgartirishi yoki tiklashi hamda Operator tomonidan taqdim etiladigan boshqa mavjud imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Shaxsiy kabinet funksiyalari Operator tomonidan bir tomonlama tartibda o‘zgartirilishi mumkin. Shaxsiy kabinet veb-sahifasiga doimiy havola Operatorning veb-saytida ko‘rsatilgan.
Shaxsiy ma’lumotlar - muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron, qog‘oz va (yoki) boshqa moddiy tashuvchida qayd etilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son Qonuniga muvofiq ishlov beriladigan axborot.
To‘xtatib turish (Suspend) - ajratilgan resurslarni kutish holatida saqlagan holda Abonentning Xizmatlardan foydalanishini vaqtincha to‘xtatish (ushbu Ofertaning 3.1.13, 3.1.15, 5.6, 9.6-bandlarida, shuningdek ushbu Ofertaning 1-sonli ilovasida (AUP) nazarda tutilgan hollarda qo‘llaniladi).
Xizmat ko‘rsatish qoidalari va shartlari - Operatorning rasmiy saytida joylashtirilgan, amaldagi va ushbu Ommaviy ofertaning ajralmas qismi hisoblangan qoidalar.
Tarif - bulutli xizmatlarning o‘lchov birligi uchun Operator tomonidan belgilangan va Operator xizmatlariga ulanganda Abonent tomonidan to‘lanadigan narx.
Tarif rejasi - Operator bitta yoki bir nechta bulutli xizmatlardan foydalanishni taklif etadigan narx shartlarining majmuyi.
Operator - Abonentlarga bulutli xizmatlarning kompleks to‘plamini taklif etuvchi, telekommunikatsiya vositalari tarmog‘iga egalik qiluvchi, uning ishlashi va rivojlanishini ta’minlovchi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi.
Hisob yozuvi - Platformaga kirish uchun foydalaniladigan Abonentning identifikatsiya ma’lumotlari (login, parol, API tokenlari, SSH kalitlari).
Frod - axborot texnologiyalari sohasidagi firbgarlik turi, xususan, Operatorning resurslari va barcha turdagi telekommunikatsiya xizmatlaridan ruxsatsiz hamda g‘ayriqonuniy foydalanish harakatlari bo‘lib, buning uchun qonunchilikka muvofiq mulkiy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri - Taraflar o‘rtasida kelishilgan, belgilangan tarif rejasi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish muddati bo‘lib, ushbu davrda Abonent resurslarning amaldagi iste’molidan qat’i nazar, kelishilgan hajmdagi resurslar uchun to‘lovni amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi.
“UZCLOUD” / Platforma - Operatorning portal.Uzcloud.uz manzilida mavjud bo‘lgan dasturiy-apparat bulutli servislari majmuyi, jumladan: IaaS, PaaS, Security-as-a-Service, SaaS va AI-as-a-Service.
IaaS (Infrastructure-as-a-Service) - virtual hisoblash resurslarini: vCPU, RAM, diskli xotiralar (SSD / HDD), tarmoq interfeyslari va ommaviy IP-manzillarni ijaraga berish.
PaaS (Platform-as-a-Service) - boshqariladigan platforma servislari: ma’lumotlar bazalari (PostgreSQL, MySQL, MongoDB va h.), Kubernetes-klasterlar, xabarlar navbati, CDN va ishlanmalarni yaratish muhitining boshqa komponentlari.
Security-as-a-Service (SECaaS) - boshqariladigan kiberxavfsizlik servislari: WAF (Web Application Firewall), Anti-DDoS, zaifliklar skaneri, SIEM va boshqa axborotni himoya qilish vositalari.
SaaS (Software-as-a-Service) - Operator tomonidan obuna modeli asosida taqdim etiladigan tayyor dasturiy mahsulotlar (korporativ pochta, CRM, hujjat almashinuvi tizimlari va h.).
AI-as-a-Service (AIaaS) - sun’iy intellekt va mashinali o‘qitishning bulutli servislari: til modellarini amaliy dasturlash interfeysi (API), Computer Vision, nutqni aniqlash, neyrotarmoqlarni o‘qitish uchun GPU-klasterlar.
SLA (Service Level Agreement) - Xizmat ko‘rsatish darajasi to‘g‘risidagi kelishuv: Xizmatlarning kafolatlangan mavjudligi ko‘rsatkichlari va kompensatsiyalarni hisoblash tartibi (ushbu Ofertaning 2-ilovasi).
AUP (Acceptable Use Policy) - Ruxsat etilgan foydalanish siyosati: Xizmatlardan foydalanishda ruxsat etilgan va taqiqlangan harakatlar ro‘yxati (ushbu Ofertaning 1-ilovasi).
Spot-instansiya - vaqtincha rezerv qilinmagan hisoblash quvvatlari asosida dinamik tarif bo‘yicha taqdim etiladigan virtual server. Resurslar taqchilligi yuzaga kelganda, Spot-instansiyaning taqdim etilishi Operator tomonidan bir tomonlama tartibda to‘xtatilishi mumkin; ushbu turdagi instansiyalarga SLA qo‘llanilmaydi.
Monthly Commit (har oylik rezerv qilingan hajm) - tariflash modeli bo‘lib, bunda, Abonent hisob-kitob oyi uchun resurslar iste’molining minimal kafolatlangan hajmini belgilaydi va haqiqiy foydalanishdan qat’i nazar to‘lovni amalga oshiradi.
Operatorning veb–sayti - Operatorning faoliyati, taqdim etilayotgan bulutli xizmatlari haqidagi rasmiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, Internet tarmog‘ida www.uztelecom.uz elektron manzili bo‘yicha joylashtirilgan axborot resursi.
2. Ofertaning predmeti
2.1. Operator Abonentga ushbu Ofertaning shartlari, amaldagi tariflar va SLA shartlari asosida Uzcloud bulutli xizmatlarini (IaaS, PaaS, SECaaS, SaaS, AIaaS) taqdim etadi, Abonent esa Xizmatlarni qabul qiladi va ularga 5-bo‘limda belgilangan tartibda haq to‘laydi.
2.2. Xizmatlarning to‘liq amaldagi ro‘yxati, ularning texnik tavsiflari va tariflari https://uzcloud.uz/pricing saytida joylashtirilgan hamda Operator tomonidan kamida 15 kalendar kun oldin xabardor qilgan holda bir tomonlama tartibda yangilanishi mumkin.
2.3. Platformaning barcha jismoniy infratuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lib, bu Abonent tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son Qonuniga muvofiq ma’lumotlarni lokalizatsiya qilish talablariga rioya qilinishi uchun texnik imkoniyatlar bilan ta’minlaydi.
2.4. Iste’mol hajmi Operator tomonidan belgilangan chegara miqdoridan yuqori bo‘lgan korporativ Abonentlar shaxsiy menejer, kengaytirilgan SLA, individual tariflar va alohida xizmat ko‘rsatish tartibini nazarda tutuvchi Individual shartnoma (Enterprise Agreement) tuzish huquqiga ega. Individual shartnoma shartlari unda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan qismlar bo‘yicha ushbu Ofertadan ustuvorlikka ega.
3. Taraflarning huquq va majburiyatlari
3.1. Operator quyidagi huquqlarga ega:
3.1.1. Axborot resurslarini himoya qilishni ta’minlashga, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vatlar, urush, zo‘ravonlik va pornografiya targ‘iboti, diniy va milliy adovatni qo‘zg‘atish, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan boshqa axborotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan tegishli tashkiliy va texnik choralarni ko‘rish.
3.1.2. Xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turish muddatini va abonent aktivatsiyasi mavjud bo‘lmagan umumiy muddatni o‘zgartirish, bu haqda abonentga xabarlar yuborish, operatorning rasmiy veb-saytida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yoki operator uchun maqbul bo‘lgan boshqa usullar orqali ma’lumot еtkazish.
3.1.3. Ushbu ommaviy oferta/shartnoma shartlariga, tariflar/tarif rejalariga bir tomonlama tartibda o‘zgartirishlar kiritish, bunda, yuqoridagi o‘zgartirishlar joriy etilishidan kamida 15 (o‘n besh) kun oldin Operatorning rasmiy veb-saytida ma’lumot joylashtirish yoki operator uchun qulay bo‘lgan har qanday usulda abonentni majburiy tartibda xabardor qilish.
3.1.4. Xizmatlar tarkibida Abonentga IP-telefoniya negizida tashkil etilgan servislarni taqdim etish holatida - O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan holatlar va tartibda, Abonentni kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin Shaxsiy kabinet va/yoki bog‘lanish uchun ko‘rsatilgan e-mail orqali oldindan ogohlantirgan holda, Abonentga ajratilgan abonent raqamlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirish.
3.1.5. Ma’lumotlarni uzatishda xavfsizlikni ta’minlash va abonentga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tegishli sifatini ta’minlash maqsadida, normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi texnik tadbirlarni o‘tkazish.
3.1.6. Abonent hisobida еtarli miqdorda depozit summasi mavjud bo‘lganda, abonentning mavjud qarzdorligini qoplash uchun mablag‘larni еchib olish.
3.1.7. Abonentning aybi bilan еtkazilgan har qanday zararning qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish.
3.1.8. Abonentning (jismoniy shaxs bo‘lgan abonentlar bundan mustasno) kafolat majburiyati asosida shaxsiy (elektron) hisob balansi manfiy bo‘lganda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berish. Abonentning kafolat majburiyatida xizmatlardan foydalanganlik uchun to‘lov muddati va summasi har oylik abonent to‘lovi miqdori doirasida ko‘rsatiladi. Bunda, abonent shartnomaga muvofiq ko‘rsatilgan, lekin to‘lanmagan xizmatlar uchun Operator tomonidan amalga oshirilgan barcha hisob-kitoblarni so‘zsiz (nizosiz) deb tan oladi va Operator tomonidan hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan boshlab, 20 (yigirma) kalendar kuni ichida ularni to‘liq to‘lash majburiyatini zimmasiga oladi. Hisobvaraq-faktura va to‘lov hisobi elektron pochta orqali yuborilishi, qo‘lma-qo‘l topshirilishi yoki kuryer orqali еtkazilishi mumkin.
3.1.9. Xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etishning texnik xususiyatlari bilan bog‘liq holda rejali texnologik va boshqa turdagi ishlarni amalga oshirish, Operator tarmog‘ini modernizatsiya qilish va dasturiy vositalarni yangilash, bunda, Operator dasturiy ta’minot sozlamalari parametrlarini bir tomonlama tartibda belgilaydi.
3.1.10. Taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati va ishonchliligini oshirish maqsadida xizmat ko‘rsatishning texnik parametrlarini, jumladan, taqdim etilayotgan dasturlar, kutubxonalar, funksiyalar, ma’murlashtirish vositalari ro‘yxatini bir tomonlama tartibda o‘zgartirish.
3.1.11. Operator, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, ushbu Ommaviy oferta/abonent shartnomasida, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishning tegishli qoidalarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
3.1.12. Abonent shartnomasini tuzishni rad etish:
- bulutli xizmatlar ko‘rsatilishi davlatning mudofaa qobiliyati xavfsizligiga, insonlar salomatligi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lsa;
- potensial abonentda texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lmaganda;
- Operatorda potensial abonentning boshqa shartnomalar bo‘yicha avval ko‘rsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun qarzdorligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
- Operatorda abonent qurilmasining qonunchilikka muvofiq sertifikatlanmaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda.
3.1.13. Quyidagi hollarda bulutli xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turish:
- Abonent tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlarini tartibga soluvchi qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablari buzilganda;
- Abonent qurilmasining ishlashi, shuningdek, abonentning harakatlari Operator tarmog‘ining texnik vositalariga va/yoki dasturiy ta’minotiga zarar еtkazishi mumkin bo‘lsa;
- Abonent tomonidan Operatorning tarmoq rekvizitlaridan foydalangan holda Operator ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining dasturlari, apparat va axborot resurslariga ruxsatsiz kirishga urinishlar bo‘lganda;
- Operator tarmog‘ida belgilangan tartibda Abonentni xabardor qilgan holda rejali texnologik ishlar o‘tkazilganda;
- Abonent tomonidan xizmatlar uchun avans to‘lovi / abonent to‘lovi kiritilmaganda / o‘z vaqtida kiritilmaganda. Bunda, Abonent abonent shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishdan ozod etilmaydi;
- Abonent tomonidan ushbu Ommaviy oferta shartlari buzilganda va amaldagi qonunchilik hamda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishning tegishli qoidalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda; Abonentning Operator tarmog‘iga kirishini qayta tiklash qonunbuzarliklar to‘liq bartaraf etilgandan so‘ng, Operator tariflariga muvofiq amalga oshiriladi, bunda, Abonent tomonidan avval o‘rnatilgan tarif/tarif rejasining saqlanishi kafolatlanmaydi;
- tarmoq orqali boshqa abonentlarni obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlar tarqatilganda, talab qilinmagan materiallar keng ko‘lamda (spam) tarqatilganda, tarmoq etikasi buzilganda, viruslar, litsenziyalanmagan dasturiy ta’minot, litsenziyasiz musiqa yoki video tarqatilganda, IP-manzil soxtalashtirilganda;
- xosting xizmatlaridan proksi-server, virtual xususiy tarmoq (VPN) serveri sifatida foydalanilganda, shuningdek, xosting-akkauntga proksi-serverlar va VPN bilan bog‘liq dasturiy ta’minot o‘rnatilganda;
- Abonentning boshqa abonent shartnomalari bo‘yicha Operator tomonidan ko‘rsatilgan boshqa telekommunikatsiya xizmatlari uchun muddati o‘tgan qarzdorligi mavjudligi aniqlangan taqdirda.
3.1.14. Shaxsiy kabinetga kirishni cheklash:
- 14.1. rasmiy ochiq manbalarda yuridik shaxs tugatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot aniqlanganda va sud qarori mavjud bo‘lganda;
- 14.2. Abonent tomonidan shaxsiy kabinet orqali frod harakatlari sodir etilganligi aniqlanganda.
3.1.15. Oldindan xabardor qilmasdan, quyidagi hollarda Xizmatlar ko‘rsatishni darhol to‘xtatib turish (Suspend) yoki Abonent resurslarini izolyatsiya qilish:
- Abonent tomonidan Ruxsat etilgan foydalanish siyosati (AUP) buzilganda;
- ma’lumotlar markazi infratuzilmasi yoki boshqa Abonentlarning barqarorligiga tahdid yuzaga kelganda;
- O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlaridan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma olinganda;
- Xizmatlar uchun to‘lovlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganda.
3.1.16. Xizmatlarning funksional xususiyatlarini, Platformaning tizimli dasturiy ta’minoti va interfeyslarini Abonentni xabardor qilgan va Operator veb-saytida 15 kun oldin e’lon qilgan holda bir tomonlama o‘zgartirish.
3.1.17. Tariflarni kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin xabardor qilgan holda o‘zgartirish. Yangi tariflarga rozi bo‘lmaslik Abonent tomonidan Shartnomani 7-bo‘limda nazarda tutilgan tartibda bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
3.1.18. Tarmoq xavfsizligi hodisalarining oldini olish maqsadida Abonentning ommaviy IP-manzillarini skanerlashni amalga oshirish.
3.1.19. Chiquvchi TCP-port 25 (SMTP)ni standart holatda bloklash; portni ochish Abonentning qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali yuborilgan asoslantirilgan so‘rovi bo‘yicha amalga oshiriladi.
3.1.20. Operator tarmoq, Uzcloud Platformasi va Operatorning boshqa resurslari barqarorligi, xavfsizligi hamda tegishli tartibda ishlashini ta’minlash maqsadida Abonentning tarmoq faolligiga nisbatan vaqtinchalik texnik cheklovlarni, shu jumladan o‘tkazuvchanlik qobiliyatini, ulanishlar sonini, alohida tarmoq yo‘nalishlarini, protokollarni, portlarni va (yoki) ommaviy tarmoqdan foydalanish imkoniyatini cheklashni qo‘llashga haqli, agar bunday faollik:
- Operator infratuzilmasiga yuqori yuklamani hosil qilsa;
- anomal yoki potensial zararli tarmoq xulq-atvori belgilariga ega bo‘lsa;
- tarmoq, Platforma, boshqa Abonentlar yoki uchinchi shaxslar resurslarining ishlash qobiliyati buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;
- yoki axborot hamda tarmoq xavfsizligi insidentlarining oldini olish maqsadida tezkor choralar ko‘rilishini talab qilsa.
Ko‘rsatilgan choralar Operator tomonidan tegishli tahdid yoki bunday faollik oqibatlarining oldini olish, lokalizatsiya qilish yoxud bartaraf etish uchun obyektiv ravishda zarur bo‘lgan hajmda va muddatda qo‘llaniladi.
3.2. Operator majburiyatlari:
3.2.1. Abonentga sifati vakolatli organlar tomonidan belgilangan parametrlarga (ulanishni o‘rnatish, ma’lumotlarni uzatish, ulanishni uzish), shuningdek, foydalanilayotgan tarmoq standartining texnik normalariga muvofiq xizmatlar ko‘rsatish.
3.2.2. Abonentga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etish.
3.2.3. Abonentga xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni yoki boshqa nosozliklarni bartaraf etish (sifatni yaxshilash) choralarini ko‘rish.
3.2.4. Abonentga xizmatlardan foydalanish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun hisob-kitoblar masalalari bo‘yicha maslahatlar berish.
3.2.5. Xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirilmaganligi va/yoki abonent to‘lovi kiritilmaganligi sababli tarmoqdan uzilgan abonentni, u iste’mol qilingan xizmatlar uchun qarzdorlikni to‘laganidan va abonent tomonidan tanlangan tarif/tarif rejasiga muvofiq miqdorda oldindan to‘lovni amalga oshirganidan so‘ng, Operator tarmog‘iga qayta ulash.
3.2.6. Abonentning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘rish hamda abonent haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan boshqa talablarga rioya qilish.
3.2.7. Tariflar va xizmatlar narxnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirish va yangi narxnomalar/tariflar va xizmatlar joriy etilishidan kamida 15 (o‘n besh) kun oldin xabarnoma yuborish orqali Abonentni xabardor qilish. Bunda, boshqa xizmatlar tariflarining o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlar xizmat ko‘rsatish qoidalarida, shuningdek, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan tartibda taqdim etiladi.
3.2.8. Abonentlarga xizmat ko‘rsatish, xizmat ko‘rsatish shartlarining o‘zgarishi, bank rekvizitlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq rasmiy xabarlarni va boshqa zarur ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilish.
3.2.9. Abonentni rejali texnik ishlar o‘tkazilishi haqida, ishlarning boshlanishi sanasi va davomiyligini ko‘rsatgan holda, ular boshlanishidan kamida 24 (yigirma to‘rt) soat oldin o‘z rasmiy veb-saytida tegishli ma’lumotlar joylashtirish orqali xabardor qilish.
3.2.10. Operator tarmog‘idagi uskunalarning ishchi holatda bo‘lishini ta’minlash.
3.2.11. Frod holatlari va Abonent tomonidan majburiyatlarning buzilishi haqida tegishli vakolatli organlarga xabar berish.
3.2.12. Yirik avariyalar yuz berganda, xizmat ko‘rsatishni qayta tiklashning taxminiy muddatlarini ko‘rsatgan holda, ommaviy axborot vositalari orqali abonentni xabardor qilish.
3.2.13. Axborot resurslarini himoya qilishni ta’minlashga, konstitutsiyaviy tuzumni, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vatlar, urush, zo‘ravonlik va terrorizm targ‘iboti, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, pornografiya va qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan boshqa axborotlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rish.
3.2.14. Data-markazlarning jismoniy va tarmoq infratuzilmasi ishlashini SLA tomonidan kafolatlangan mavjudlik darajalarida 24/7/365 rejimida ta’minlash.
3.2.15. Abonentga Shaxsiy kabinetda yaratilgan so‘rovlarga muvofiq hisoblash resurslarini ajratish.
3.2.16. Rejali texnik ishlar haqida Abonentni kamida 24 soat oldin Shaxsiy kabinetda e’lon qilish va/yoki Abonentning elektron pochta manziliga yuborish orqali xabardor qilish.
3.2.17. Har oyda elektron hisobvaraq-faktura (EHF)ni shakllantirish va uni O‘zbekiston Respublikasining Elektron hujjat almashinuvi tizimi orqali yuborish.
3.2.18. Abonent Kontenti maxfiyligini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollardan tashqari, uning ko‘rib chiqilishini yoki tahlil qilinishini amalga oshirmaslik.
3.2.19. Abonentning tarif rejasiga muvofiq texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatini ko‘rsatish.
3.3. Abonentning majburiyatlari:
3.3.1. Abonent shartnomasi shartlariga rioya qilish, jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, Billing tizimi maʼlumotlari va 5-boʻlim shartlariga muvofiq Xizmatlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish.
3.3.2. Hisob maʼlumotlari (login, parol, API tokenlari, SSH-kalitlari) maxfiyligini taʼminlash. Abonentning Hisob yozuvi orqali amalga oshirilgan barcha harakatlari Abonentning oʻzi tomonidan bajarilgan deb hisoblanadi.
3.3.3. Agar “Backup-as-a-Service” xizmati sotib olinmagan boʻlsa, maʼlumotlarning zaxiraviy nusxalarini yaratishni (резервное копирование) mustaqil ravishda va oʻz hisobidan amalga oshirish.
3.3.4. Operator resurslarida oʻrnatiladigan uchinchi tomon dasturiy ta’minotining litsenziyaviy jihatdan qonuniy qo‘llanilishini ta’minlash.
3.3.5. Xizmatlardan faqat abonent shartnomasi, AUP (Ruxsat etilgan foydalanish siyosati), shuningdek, amaldagi qonunchilik va telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga muvofiq foydalanish.
3.3.6. Rekvizitlar (nomi, manzili, bank maʼlumotlari, masʼul shaxslar) oʻzgargan taqdirda, oʻzgarish yuz bergan vaqtdan boshlab, 10 (oʻn) kalendar kuni ichida Operatorni xabardor qilish.
3.3.7. Xizmatlardan foydalangan holda oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun barcha zarur litsenziyalar, ruxsatnomalar va kelishuvlarni mustaqil ravishda olish.
3.4. Abonent quyidagi huquqlarga ega:
3.4.1. Tanlangan tarif/tarif rejasining hajmi va shartlari asosida Xizmatlardan foydalanish, Shaxsiy kabinet orqali qo‘shimcha Xizmatlarga buyurtma berish, ularning hajmini o‘zgartirish va ayrim Xizmatlardan voz kechish.
3.4.2. Operatordan Xizmatlar, tariflar, Shaxsiy hisobvaroq holati va iste’mol qilingan Xizmatlar hajmi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq ma’lumotlarni olish.
3.4.3. Operatorning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga 2-sonli Ilovada nazarda tutilgan kanallar orqali murojaat qilish hamda belgilangan tartibda murojaatlarni eskalatsiya qilishni tashabbus qilish.
3.4.4. Operator tomonidan SLA ko‘rsatkichlari buzilgan taqdirda, ushbu Ofertaga 2-sonli Ilovada nazarda tutilgan tartibda Servis kreditlari hisoblanishini talab qilish.
3.4.5. Ko‘rsatilgan Xizmatlarning hajmi va sifati bo‘yicha Operatorga ushbu Ofertaning 5.5-bandi va 9-bo‘limida nazarda tutilgan tartibda e’tirozlar yuborish hamda belgilangan muddatlarda javob olish.
3.4.6. Tarif rejasini Operator tomonidan belgilangan tartibda o‘zgartirish, tariflar o‘zgarishiga rozi bo‘lmagan taqdirda esa – Shartnomani ushbu Ofertaning 3.1.17 va 6.3-bandlarida belgilangan tartibda bekor qilish.
3.4.7. Ushbu Ofertaning 6.3-bandiga muvofiq bildirishnoma yuborgan holda Shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish va Balansdagi ijobiy qoldiq mablag‘larni 6.3.1-bandda belgilangan tartibda qaytarib olish.
3.4.8. Grace Period (ushbu Ofertaning 6.5-bandi) davomida o‘z ma’lumotlarini Platformadan mustaqil ravishda yuklab olish.
3.4.9. Operatorga marketing va axborot materiallarida o‘z nomidan (nomlanishidan) foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida bildirishnoma yuborish (ushbu Ofertaning 4.4-bandi).
3.4.10. Ushbu Ofertaning 2.4-bandi shartlariga muvofiq kelganda, Individual shartnoma (Enterprise Agreement) tuzish.
3.4.11. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, ushbu Ofertada va Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanish.
4. Ma’lumotlarni qayta ishlash, shaxsiy ma’lumotlar va maxfiylik
4.1. Rollarning taqsimlanishi. Mas’uliyatni taqsimlash modeli doirasida:
- Operator hisoblash infratuzilmasini taqdim etuvchi shaxs (Data Processor / “Ishlov beruvchi”) hisoblanadi: u amaliy darajadagi ma’lumotlarga, Guest OSga va Abonentning ma’lumotlar bazalariga kirish huquqiga ega emas;
- Abonent shaxsga doir ma’lumotlar bazasining Mulkdori va (yoki) Operatori (Data Controller) hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga (02.07.2019-y., O‘RQ-547-son) rioya etilishi uchun to‘liq javobgarlikni zimmasiga oladi.
4.2. Abonentning kafolatlari. Abonent quyidagilarni tasdiqlaydi va kafolatlaydi:
- shaxsga doir ma’lumotlar subyektlarining ma’lumotlarini bulutli infratuzilmaga joylashtirish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha roziliklar olinganligi;
- ma’lumotlar subyektlari va davlat organlari (shu jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ) tomonidan bildirilgan har qanday e’tirozlarni mustaqil ravishda hal qilishini;
- Operator resurslarida maxsus toifadagi shaxsga doir ma’lumotlarni (sog‘liq holati haqidagi ma’lumotlar, biometrik ma’lumotlar va h.) ularga ishlov berish tartibi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kelishuvsiz joylashtirmaslikni.
4.3. Maxfiylik. Taraflar Shartnomani bajarish davomida olingan maxfiy axborotni uning amal qilish muddati davomida va u tugatilgandan keyin 3 (uch) yil davomida uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini zimmasiga oladilar. Qabul qiluvchi Tarafning aybisiz ommaga ma’lum bo‘lgan yoki qonunchilikka muvofiq vakolatli organlarning talabiga binoan oshkor qilingan axborot maxfiy hisoblanmaydi. Operator Abonentning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘rishi hamda Abonent haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan boshqa talablarga rioya qilishi shart.
4.4. Operator qonunchilikda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, Abonent haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaydi. Agar Abonent bunday foydalanishga yozma taqiq yubormagan bo‘lsa, Operator marketing va axborot materiallarida Abonent nomiga “UZCLOUD” platformasi foydalanuvchisi sifatida havola qilishga haqli. Taqiq Shaxsiy kabinet orqali yoki support@Uzcloud.uz manziliga yuboriladi va u Operator tomonidan qabul qilingan paytdan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida kuchga kiradi.
4.5. Abonent Operator resurslariga o‘zi tomonidan joylashtirilgan barcha axborotlarning xavfsizligi, saqlanishi va ularga ishlov berishning qonuniyligi, jumladan, mualliflik huquqi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va davlat siri to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi uchun mustaqil ravishda javobgarlikni zimmasiga oladi.
5. Tariflar, billing va to‘lov tartibi
5.1. Tariflash modellari.
“UZCLOUD” platformasida quyidagi to‘lov modellari qo‘llaniladi:
Pay-as-you-go (post-paid) - resurslarning haqiqiy iste’moli bo‘yicha 1 (bir) soatgacha aniqlikda tariflash; hisobvaraq-faktura hisobot oyi yakunlari bo‘yicha taqdim etiladi.
Prepay (avans to‘lovi) - balansga avans depozitini kiritish va keyinchalik resurslar iste’mol qilingan sari mablag‘larni yеchib borish.
Monthly Commit (rezerv qilingan hajmlar bo‘yicha oylik to‘lov) - Abonent hisob-kitob oyi uchun resurslar iste’molining minimal kafolatlangan hajmini belgilaydi; to‘lov haqiqiy foydalanishdan qat’i nazar amalga oshiriladi. Belgilangan hajmdan ortiq iste’mol Pay-as-you-go stavkasi bo‘yicha tariflanadi.
Reserved Instances (muddatli rezervlash) - to‘liq yoki qisman oldindan to‘lov sharti bilan 1 (bir) yoki 3 (uch) yil muddatga resurslarni pasaytirilgan tarif bo‘yicha uzoq muddatli ijaraga olish.
Spot-instansiyalar - rezerv qilinmagan quvvatlardan SLA va uzluksizlik kafolatlarisiz dinamik tarif bo‘yicha foydalanish.
Abonentga nisbatan qo‘llaniladigan aniq tariflash modeli Shaxsiy kabinetda ko‘rsatilgan tanlangan tarif rejasi yoki Individual shartnoma shartlari bilan belgilanadi. Amaldagi tariflar https://Uzcloud.uz/pricing saytida joylashtirilgan.
5.1.1. Tariflash modellarini qo‘llash xususiyatlari
Pay-as-you-go (PAYG) modelidan foydalanilganda, Abonent Balansni oldindan to‘ldiradi va Xizmatlardan resurslarning amaldagi iste’moliga qarab foydalanadi. Agar tarif rejasi yoki muayyan Xizmat shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Xizmatlar qiymatini hisobdan chiqarish resurslarning amaldagi iste’mol hajmidan kelib chiqib, 1 (bir) soatgacha bo‘lgan aniqlikda amalga oshiriladi.
PAYG modeli bo‘yicha ko‘rsatiladigan Xizmatlar qiymati xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri yoki boshqa belgilangan tarif rejalari doirasida ko‘rsatiladigan o‘xshash Xizmatlar qiymatidan yuqori bo‘lishi mumkin.
Alohida Xizmatlar uchun Operator tomonidan 1 (bir) oy, 3 (shahar) oy, 6 (olti) oy, 1 (bir) yil muddatga yoki tarif rejasi yoxud Individual shartnomada (Enterprise Agreement) nazarda tutilgan boshqa muddatga xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davrlari belgilanishi mumkin.
Abonent tomonidan belgilangan tarif rejasi tanlanganda:
- Xizmatlar qiymatini hisobdan chiqarish tegishli xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri boshida to‘liq hajmda amalga oshiriladi;
- Xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri kelishilgan va Taraflar uchun bajarilishi majburiy deb hisoblanadi;
- Xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri uchun hisobdan chiqarilgan pul mablag‘lari, agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki Individual shartnomada boshqacha qoida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilmagan bo‘lsa, qaytarilmaydi.
Amaldagi Xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri davomida ilgari buyurtma qilingan resurslar hajmining kamaytirilishi Xizmatlar qiymatining qayta hisob-kitob qilinishiga olib kelmaydi.
Xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davri davomida resurslar hajmini oshirishga Taraflarning kelishuvi bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv rasmiylashtirish, Shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash orqali yoki Operator tomonidan nazarda tutilgan boshqa usul bilan yo‘l qo‘yiladi.
Qo‘shimcha resurslar qiymati, agar Individual shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ular ulangan (aktivlashtirilgan) sanadan boshlab hisoblanadi.
Korporativ Abonentlar uchun xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan davrini muddatidan oldin tugatishning javobgarlik shartlari, jarimalar, kompensatsiyalar va boshqa oqibatlari Individual shartnoma bilan qo‘shimcha ravishda belgilanishi mumkin.
5.2. Barcha tariflar milliy valyutada (o‘zbek so‘mi, UZS) belgilangan va QQSni o‘z ichiga oladi. Valyuta komponentlari uchun (mavjud bo‘lsa) qayta hisoblash kursi hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha belgilanadi.
5.2.1. Chiquvchi internet-trafikni hisobga olish siyosati
Uzcloud bulutli xizmatlari tarkibiga tegishli tarif rejasi, muayyan Xizmatni ko‘rsatish shartlari yoki Individual shartnoma (Enterprise Agreement) bilan belgilangan miqdordagi ommaviy Internet tarmog‘iga chiquvchi trafik hajmi kiradi.
Agar tarif rejasi yoki Individual shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kiritilgan chiquvchi internet-trafikning asosiy hajmiga Abonentning bitta Shaxsiy hisobvarag‘i uchun har bir hisob-kitob oyiga 5 (besh) TiB gacha trafik kiradi.
Chiquvchi internet-trafik hajmiga quyidagilar kirmaydi:
- kiruvchi trafik;
- “UZCLOUD” platformasi ichidagi resurslar o‘rtasidagi trafik;
- yopiq (xususiy) tarmoqlar bo‘yicha trafik;
- TAS-IX / UZ-IX yo‘nalishlaridagi trafik;
- Operatorning xizmat va texnologik trafigi.
Operator Abonentni kiritilgan chiquvchi internet-trafik hajmiga yaqinlashayotganligi to‘g‘risida Shaxsiy kabinet, elektron pochta va (yoki) Abonent tomonidan ko‘rsatilgan boshqa aloqa kanallari orqali xabardor qilishga haqli.
Kiritilgan chiquvchi internet-trafik hajmi oshib ketganda, agar tarif rejasi yoki Individual shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, Operator ommaviy Internet tarmog‘iga chiquvchi trafikning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini tegishli hisob-kitob davri yakunlangunga qadar 10 (on) Mbit/sekundgacha cheklashga haqli.
Kiritilgan chiquvchi internet-trafik hajmidan oshib ketganlik uchun, agar tarif rejasi yoki Individual shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘shimcha haq olinmaydi.
Operator tarif rejalari va (yoki) ushbu Ofertaga ushbu Ofertada nazarda tutilgan tartibda o‘zgartirishlar kiritish orqali kiritilgan trafik hajmini, cheklash parametrlarini, shuningdek, trafikni hisobga olish shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga haqli.
5.3. Har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmasdan, Operator EHFni shakllantiradi va uni O‘zbekiston Respublikasining EHA operatori orqali Abonentga yuboradi.
5.4. To‘lov EHF taqdim etilgan sanadan boshlab 10 (o‘n) bank kuni ichida Operatorning hisob raqamiga naqd pulsiz pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
5.5. Xizmatlar hajmi yoki sifati bo‘yicha asoslantirilgan e’tirozlar mavjud bo‘lganda, Abonent EHF olingan sanadan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida yozma da’vo (pretenziya) yuboradi. Ko‘rsatilgan muddatda da’voning mavjud emasligi Xizmatlar hajmi va sifatiga rozilikni anglatadi.
5.6. To‘lov 5 (besh) bank kunidan ortiq kechiktirilganda, Operator Xizmatlarni to‘xtatib turishga (Suspend) haqli. To‘lovning 30 (o‘ttiz) kundan ortiq kechiktirilishi Shartnomani bekor qilish va Ma’lumotlarni o‘chirish siyosatini (7.4-band) qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
5.7. SLA ijrosi yuzasidan hisoblangan Servisli kreditlar Abonent balansiga o‘tkaziladi, pul mablag‘lariga konvertatsiya qilinmaydi va keyingi hisobot davriga har oylik to‘lov summasidan ortiqcha miqdorda o‘tkazilmaydi.
6. Amal qilish muddati, to‘xtatib turish va bekor qilish
6.1. Shartnoma Abonent tomonidan ushbu Ommaviy ofertaning aksepti amalga oshirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi, muddat ko‘rsatilmagan taqdirda esa nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
6.2. To‘xtatib turish (Suspend). 3.2.1-bandda ko‘rsatilgan asoslar yuzaga kelganda, Operator Hisob yozuvini “To‘xtatilgan” (Suspend) maqomiga o‘tkazadi. Resurslar ajratilgan holatda qoladi; ajratilgan disklar va IP-manzillar uchun haq hisoblanishda davom etadi. Abonent xabardor qilingan paytdan boshlab 24 soat ichida (agar davlat organining ko‘rsatmasi bilan boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa) qoidabuzarlikni bartaraf etishi shart.
6.3. Abonent tashabbusi bilan bekor qilish. Abonent 30 (o‘ttiz) kalendar kun oldin yozma bildirishnoma yuborish orqali Shartnomani bekor qilish huquqiga ega. Balansdagi mablag‘lar qoldig‘i ko‘rsatilgan Xizmatlar qiymati va qarzdorliklar chegirib tashlangan holda quyidagi tartibda qaytariladi.
6.3.1. Shartnoma bekor qilinganda ijobiy balans – Abonentning shaxsiy (elektron) hisob raqamidagi pul mablag‘lari qoldig‘i mablag‘larni uning bank hisob raqamiga yoki bank plastik kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan qaytariladi. Abonent Operatorga tegishli yozma ariza topshirishi hamda o‘zining bank rekvizitlari yoki bank plastik kartasi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart. Pul mablag‘lari Operator Abonentdan arizani qabul qilib olgan sanadan boshlab 15 (o‘n besh) bank kuni ichida qaytariladi. Bunda, Operator Abonent tomonidan to‘lov tizimlari (terminallar) orqali kiritilgan summadan Operator tomonidan ko‘rilgan xarajatlar miqdorini ushlab qolish huquqiga ega.
6.4. Operator tashabbusi bilan Shartnomani bekor qilish. Operator quyidagi hollarda Shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqiga ega:
- Abonent tomonidan Abonent shartnomasi shartlari/AUP buzilganda - darhol, oldindan xabardor qilmasdan;
- to‘lovlar muntazam ravishda (ketma-ket ikki martadan ortiq) kechiktirilganda - 14 kun oldin xabardor qilgan holda;
- Abonentning (yuridik shaxsning) faoliyati to‘xtatilganda va huquqiy vorislik mavjud bo‘lmaganda - 30 kun oldin xabardor qilgan holda;
- majburiyatlarni bajarish imkoniyati bo‘lmaganda (xizmat ko‘rsatish uchun texnik imkoniyat mavjud bo‘lmaganda);
- yengib bo‘lmas kuch holatlari natijasida, majburiyatni bajarishni imkonsiz qiladigan davlat organi hujjati qabul qilinganda, xususan, qonunchilikda belgilangan tartibda Operatorning litsenziyasi qaytarib olinganda, to‘xtatib turilganda yoki bekor qilinganda;
- jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda va huquqiy vorislik mavjud bo‘lmaganda;
- shaxsiy hisob raqami balansi yеtarli bo‘lmaganligi sababli Xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgan sanadan boshlab, Abonent tomonidan ketma-ket 1 (bir) kalendar yili davomida Xizmatlarni olish huquqini beruvchi tranzaksiyalar amalga oshirilmaganda;
- Abonent tomonidan frod harakatlari sodir etilganligi faktlari aniqlangan taqdirda;
- ushbu Shartnomada yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda;
- Abonent Shartnomani bajarishdan voz kechgan yoki Shartnoma boshqa asoslarga ko‘ra bekor qilingan paytdan boshlab, Taraflarning majburiyatlari tugatilgan deb hisoblanadi, Abonentning ko‘rsatilgan, lekin bekor qilingan paytda to‘lanmagan xizmatlar uchun to‘lov bilan bog‘liq majburiyatlari bundan mustasno.
6.5. Ma’lumotlarni o‘chirish siyosati (Data Deletion Policy).
Hisob yozuvi “To‘xtatib turilgan” holatga o‘tkazilgandan so‘ng yoki Shartnoma rasman bekor qilingan sanadan boshlab:
- 30 (o‘ttiz) kalendar kuni davomida (Grace Period) - Abonent ma’lumotlarni mustaqil ravishda yuklab olish huquqiga ega;
- Grace Period tugaganidan so‘ng - Operator qo‘shimcha xabarnomasiz Abonentning barcha ma’lumotlarini, OT (operatsion tizim), ma’lumotlar bazalari va zaxiraviy nusxalarini qaytarmasdan yo‘q qilish huquqiga ega;
- Grace Period tugaganidan keyin ma’lumotlarning yo‘qolishi uchun Operator javobgarlikni zimmasiga olmaydi.
Tavsiya: Shartnomani bekor qilishdan oldin barcha ma’lumotlarni Platformadan yuklab oling. Grace Period tugaganidan so‘ng Operator ma’lumotlarni qayta tiklamaydi.
7. Taraflarning javobgarligi va javobgarlikni cheklash
7.1. Umumiy qoidalar.
Taraflar Shartnoma shartlarini buzganlik uchun ushbu Bo‘limda belgilangan cheklovlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
7.2. Operator Abonent oldida quyidagilar uchun javobgar bo‘ladi:
7.2.1. Shartnomada belgilangan majburiyatlarning bajarilmasligi yoki tegishli darajada bajarilmasligi, Xizmatlar ko‘rsatish va kamchiliklarni bartaraf etish muddatlarining buzilishi, Xizmatlar hamda ushbu xizmatlarning ijrochisi haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki ushbu Ommaviy ofertada nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda.
7.2.1. Abonentning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish tartibining buzilishi.
7.3. Abonent Operator oldida quyidagilar uchun javobgar bo‘ladi:
7.3.1. O‘zining Autentifikatsiya ma’lumotlari va Abonentni individuallashtiruvchi boshqa ma’lumotlarning oshkor qilinishi, yo‘qolishi, o‘g‘rilanishi va hokazolarga olib kelgan harakatlari va/yoki harakatsizligi, shuningdek, Abonentning hisob ma’lumotlaridan foydalanuvchi uchinchi shaxslarning har qanday harakatlari va/yoki harakatsizligi uchun. Operator Abonentning va/yoki uning hisob ma’lumotlaridan foydalanuvchi uchinchi shaxslarning yuqorida ko‘rsatilgan harakatlari uchun javobgar bo‘lmaydi.
7.3.2. Ushbu Ommaviy ofertaning joriy shartlari, tariflar va boshqa o‘zgarishlar haqida xabardor qilingandan keyin 15 (o‘n besh) kalendar kuni o‘tgach xizmatlardan foydalanishni davom ettirish ushbu o‘zgarishlarga so‘zsiz qo‘shilish va ularga rozilik berish, shuningdek, veb-saytda Xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi o‘zgarishlar mavjudligini muntazam ravishda tekshirib borish deb hisoblanadi.
7.3.3. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi, jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bilan jazo qo‘llash tahdidi ostida taqiqlangan, shuningdek, Jinoyat kodeksi bilan muhofaza qilinadigan obyektlarga zarar yеtkazadigan yoki zarar yеtkazishning real tahdidini yuzaga keltiruvchi aybli ijtimoiy xavfli qilmish yoki tajovuz (harakat yoki harakatsizlik) uchun;
- shaxsga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan huquqqa zid aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilgan) harakat yoki harakatsizlik uchun.
7.3.4. Unga berilgan tarmoq rekvizitlarining maxfiyligini saqlash hamda o‘zi tomonidan uzatiladigan yoki qabul qilinadigan axborotga nisbatan qo‘llaniladigan mualliflik huquqlari va boshqa qonunlarga rioya qilish.
7.3.5. Ushbu Ommaviy oferta shartlari buzilganligi uchun Abonent Operatorga yеtkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplash ko‘rinishidagi javobgarlikni zimmasiga oladi.
7.4. Taraflarning ushbu Ommaviy ofertada nazarda tutilmagan boshqa hollardagi javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, tanlangan xizmatlarning tegishli qoidalari va shartlariga muvofiq belgilanadi.
7.5. Operator javobgarligining cheklanishi
7.5.1. Barcha Xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yo‘l qo‘yilgan darajada “boricha” (as is) va “mavjudligicha” (as available) tamoyili asosida taqdim etiladi. Operator Xizmatlarning Abonentning muayyan biznes-maqsadlariga muvofiqligi bo‘yicha hech qanday nazarda tutilgan kafolatlarni bermaydi.
7.5.2. Operator hech qanday holatda quyidagilar uchun javobgar bo‘lmaydi:
- boy berilgan foyda, olinmagan daromad, ishbilarmonlik obro‘sining yo‘qolishi, Abonentning biznes-jarayonlari to‘xtab qolishi;
- har qanday bilvosita, tasodifiy yoki jarima ko‘rinishidagi zararlar;
- Abonentning harakati/harakatsizligi, Abonent resurslariga qilingan kiberhujumlar yoki Grace Period tugashi natijasida yuzaga kelgan ma’lumotlarning yo‘qolishi;
- Abonent Kontentining mazmuni, shuningdek, bunday Kontent orqali uchinchi shaxslarga yеtkazilgan zarar;
- Abonent tomonidan Operatorga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, ushbu Ommaviy ofertada nazarda tutilgan tartibda tarqatilgan tariflar o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarning olinmasligi, Xizmatlardan foydalanish yoki foydalanish imkoniyati yo‘qligi natijasida Abonent ko‘rgan va Operatorning aybi bilan yuzaga kelmagan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita zararlar;
- Operatorning uskunasi va dasturiy ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday ma’lumotlar uzatish tarmog‘idagi shikastlanishlar natijasida ushbu Oferta, tanlangan xizmatlar bo‘yicha Qoidalar va shartlar doirasidagi majburiyatlarning bajarilmasligi;
- quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan xizmatlar sifati va ishonchliligi parametrlarining nomuvofiqligi, shuningdek, Operator va Abonent o‘rtasidagi Abonent trafigi haqidagi tariflash ma’lumotlarining nomuvofiqligi:
- Abonent tomonidan ulanish tarmog‘i konfiguratsiyasining Operator bilan kelishilmagan holda o‘zgartirilishi;
- Ommaviy oferta/Shartnoma talablariga javob bermaydigan dasturiy ta’minotning, shu jumladan trafikni hisoblash dasturlarining o‘rnatilishi;
- Abonent tomonidan dasturiy ta’minotning, shu jumladan trafikni hisobga olish dasturiy ta’minotining noto‘g‘ri sozlanishi;
- Abonent tomonidan o‘zining Autentifikatsiya ma’lumotlari oshkor qilinishi, Abonent uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, uchinchi shaxslarning harakatlari, xususan, ruxsatsiz pochta almashinuvi, virusli hujumlar va hokazolar natijasida Abonent ko‘rgan har qanday turdagi zararlar;
- uskunalarni, dasturiy ta’minotni almashtirish yoki tarmoqning ish qobiliyatini saqlash va rivojlantirish zarurati bilan bog‘liq boshqa ishlarni o‘tkazish tufayli xizmat ko‘rsatishning to‘liq yoki qisman to‘xtab qolishi;
- Internet tarmog‘ining Operatorga tegishli bo‘lmagan alohida segmentlarining ishlashi va mavjudligi;
- Abonent tomonidan tarmoq orqali uzatiladigan axborotning mazmuni, shuningdek, Operator Xizmatlaridan foydalanish yoki foydalanish imkoniyati yo‘qligi natijasida Abonent ko‘rgan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita zararlar;
- Abonent qurilmasining tizimi va dasturiy ta’minotidagi nosozliklar uchun.
7.5.3. Operator texnik sabablar va fors-major holatlari tufayli Xizmatlar Abonentga uzoq vaqt davomida taqdim etilmagan hollarda, jumladan quyidagilar uchun javobgar bo‘lmaydi:
- Operator tasarrufida yoki mulki bo‘lmagan aloqa kanallari va uskunalarining uzilishi yoki degradatsiyasi davrlari uchun;
- bevosita yoki bilvosita Abonent tomonidan, shuningdek, Abonentning roziligi bilan Xizmatdan foydalanayotgan uchinchi shaxs tomonidan keltirib chiqarilgan yoki qo‘zg‘atilgan Xizmatlar ko‘rsatilmagan davrlar uchun. Bunda, Operatorning texnik xizmatlari bilan kelishilmagan apparat yoki dasturiy modifikatsiyalar, shuningdek, tarmoq rekvizitlarining mustaqil ravishda qayta o‘rnatilishi tushuniladi;
- davomiyligi 30 (o‘ttiz) daqiqadan kam bo‘lgan davr uchun;
- Abonentning oldindan buyurtmasi asosida Kontent-provayder tomonidan Operator tarmog‘i orqali tarqatiladigan kontentning taqdim etilmaganligi yoki o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi, mazmuni va sifati uchun;
- Abonentga boy berilgan foyda ko‘rinishidagi zararlarni qoplash uchun.
7.5.4. Operator, agar ushbu choralar Operator tarmog‘i, “UZCLOUD” platformasi yoki boshqa Abonentlar resurslarining xavfsizligi, barqarorligi va tegishli tartibda ishlashini ta’minlash uchun obyektiv ravishda zarur bo‘lgan bo‘lsa, ushbu Ofertaning 3.1.20-bandida nazarda tutilgan choralarning qo‘llanilishi natijasida yuzaga kelgan Xizmatlarning mavjudligi, tarmoq o‘zaro hamkorligi yoki unumdorligining ehtimoliy cheklovlari uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi.
7.6. Operator uning tasarrufida (to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaruvi va nazorati ostida) bo‘lmagan ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining resurslari, serverlari va segmentlarining mazmuni, mavjudligi va ish qobiliyati uchun javobgar bo‘lmaydi.
7.7. Abonentning javobgarligi
7.7.1. Abonent quyidagilar uchun to‘liq javobgar bo‘ladi:
- joylashtirilayotgan Kontentning qonuniyligi va uning qonunchilik talablariga muvofiqligi;
- Abonent tomonidan AUP buzilishi natijasida Operatorga yoki uchinchi shaxslarga yеtkazilgan zarar;
- Abonentning Hisob yozuvi buzilib kirilishi natijasida uchinchi shaxslar tomonidan Operator resurslaridan ruxsatsiz foydalanilganligi;
- Xizmatlardan foydalanishda intellektual mulk huquqlari, mualliflik huquqlari va uchinchi shaxslarning boshqa huquqlari buzilishi.
7.7.2. Abonentning harakatlari munosabati bilan Operatorga uchinchi shaxslar tomonidan da’vo yoki da’vo arizalari taqdim etilgan taqdirda, Abonent Operator ko‘rgan barcha xarajatlarni, jumladan sud xarajatlari va jarimalarni qoplashi shart.
8. Yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (fors-major)
8.1. Agar majburiyatlarning bajarilmasligi ushbu Ommaviy oferta aksept qilinganidan keyin yuzaga kelgan suv toshqini, yong‘in, zilzila va boshqa tabiiy ofatlar, embargo, urush yoki harbiy harakatlar, shuningdek, sanitariya-epidemiologik vaziyat yomonlashishi munosabati bilan karantin e’lon qilinishi yoxud respublikaning muayyan (cheklangan) hududida yoki butun hududida favqulodda holat e’lon qilinishi, telekommunikatsiya (axborot) xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikning ushbu Ommaviy oferta shartlarini bajarishni imkonsiz qiladigan o‘zgarishlari kabi holatlar oqibati bo‘lsa, Taraflarning hech biri ushbu Ommaviy oferta shartlaridan kelib chiqadigan o‘z majburiyatlarini to‘liq yoki qisman bajarmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi. Agar ushbu holatlarning har qandayi majburiyatlarning ushbu Ommaviy ofertada belgilangan muddatda bajarilishiga bevosita ta’sir qilsa, ushbu muddat tegishli holat amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda suriladi.
8.2. Majburiyatlarni bajarish imkoniyati bo‘lmagan Taraf yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning boshlanishi, taxminiy amal qilish muddati va tugashi haqida boshqa Tarafni ushbu holatlar boshlangan va tugagan paytdan boshlab darhol, biroq 5 (besh) kalendar kunidan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bildirishnomada bayon etilgan faktlar O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
8.3. Xabardor qilmaslik yoki o‘z vaqtida xabardor qilmaslik Tarafni yuqorida ko‘rsatilgan har qanday holatga majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi asos sifatida tayanish huquqidan mahrum qiladi.
9. Nizolarni hal etish va qo‘llaniladigan huquq
9.1. Qo‘llaniladigan huquq: Taraflarning barcha huquqiy munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
9.2. Shartnomaning bajarilishi bilan bog‘liq barcha nizolar va kelishmovchiliklar Taraflar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, da’vo qilish tartibiga rioya qilgan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan sudlovga tegishlilik qoidalariga muvofiq quyidagi tartibda hal etiladi:
- Jismoniy shaxs bo‘lgan Abonent bilan yuzaga kelgan, Taraflar o‘zaro kelisha olmagan nizolar va kelishmovchiliklar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda, tegishli Operator joylashgan manzildagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilishi lozim.
- Yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan Abonent bilan yuzaga kelgan, Taraflar o‘zaro kelisha olmagan nizolar va kelishmovchiliklar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilishi lozim.
9.3. Da’vo Abonent tomonidan yozma shaklda taqdim etiladi va Operator tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatga olinishi lozim.
9.4. Operator da’vo olingan kundan boshlab 15 (o‘n besh) kun ichida mazmunan javob berishi shart. O‘rganish yoki tekshirish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab etilgan taqdirda, Abonent murojaatini ko‘rib chiqish muddati 30 (o‘ttiz) kalendar kunigacha uzaytirilishi mumkin.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshiruv o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa choralarni ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddati istisno tariqasida Operator tomonidan 1 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va ushbu haqda Abonentga xabar beriladi.
9.5. Tarmoqqa ruxsatsiz kirish orqali uchinchi shaxslar tomonidan Xizmatlardan foydalanilishi natijasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarda, Operator sodir etilgan harakatlarning kimga tegishli ekanligini aniqlash uchun belgilangan tartibda ichki texnik tekshiruv o‘tkazishga haqli.
9.6. Abonent tomonidan Operator Xizmatlaridan vijdonan foydalanilganligiga Operatorda shubha tug‘ilgan taqdirda, Operator holatlarga aniqlik kiritish va Xizmatlar ko‘rsatilishi ehtimoliy to‘xtatib turilishi haqida Abonentni har qanday maqbul usulda Operator Ofisiga kelishi lozimligi to‘g‘risida xabardor qiladi. Agar Operator bildirishnomasi Abonent tomonidan u yuborilgan kundan boshlab 3 kalendar kuni ichida bajarilmasa, Operator Abonent bildirishnomada talab qilingan shartlarni bajarguniga qadar Xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turishga haqli.
9.7. Abonentning ko‘rsatilgan Xizmatlar uchun yuzaga kelgan va ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan qarzdorligi da’vo ishini yuritish tartibida, sud buyrug‘i tartibida, shuningdek, notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan ijro xatlari asosida so‘zsiz tartibda undirilishi lozim.
9.8. Operatorga kelib tushgan, qo‘yilgan masalalarni hal qilish vakolatiga kirmaydigan murojaatlar 5 (besh) kundan kechiktirmasdan tegishli davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuboriladi va ushbu haqda Abonentga yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi. Bunda, kelib tushgan elektron murojaatlar elektron shaklda qayta yo‘naltirilishi mumkin.
10. Korrupsiyaga qarshi shartlar
10.1. Taraflar O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish hamda ushbu Oferta doirasidagi o‘z huquq va majburiyatlari bilan bog‘liq holda korrupsiyaga qarshi kurashish qonunchiligi normalarini buzishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini zimmasiga oladilar. Jumladan (lekin bular bilan cheklanmagan holda), har qanday jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan (lekin bular bilan cheklanmagan holda) tijorat tashkilotlari, davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat xizmatchilari, xususiy kompaniyalar va ularning vakillariga pul yoki har qanday boshqa shaklda noqonuniy to‘lovlarni taklif qilish, sanksiyalash (ruxsat berish), va’da qilish va amalga oshirish, shu jumladan pora berish kabi harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini zimmasiga oladilar.
10.2. Taraflardan biri ushbu bo‘limning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatlarni buzgan taqdirda, ikkinchi Taraf bir tomonlama suddan tashqari tartibda ushbu Ofertani bajarishdan voz kechish huquqiga ega. Shartnoma ushbu bandga muvofiq bekor qilingan taqdirda, Taraflar bir-birlariga zararlarni qoplamaydilar.
11. Yakuniy qoidalar
11.1. Agar Abonent shartnomasida boshqacha holat to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanmagan bo‘lsa, ushbu Oferta predmeti qismi bo‘yicha Taraflar o‘rtasidagi yagona to‘liq kelishuv hisoblanadi.
11.2. Ayrim qoidalarning amal qilmasligi Ofertaning amal qilmasligini keltirib chiqarmaydi.
11.3. Taraflarning hech biri boshqa Tarafning yozma roziligisiz Oferta bo‘yicha huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga o‘tkazishga haqli emas.
11.4. Yuridik ahamiyatga ega xabarlar almashinuvi Shaxsiy kabinet (tiket-tizimi), elektron pochta orqali yoki qog‘oz shaklida amalga oshiriladi. Abonent tomonidan noto‘g‘ri e-mail ko‘rsatilganligi sababli bildirishnomalarni olmaslik xatari Abonentning zimmasiga tushadi.
11.5. Ushbu Oferta “O‘zbektelekom” AK buyrug‘i bilan tasdiqlangan va davlat tilida e’lon qilingan. Rus tilidagi versiya (rasmiy tarjima emas) ma’lumot berish xarakteriga ega va saytning alohida til sahifasida e’lon qilinadi. Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelganda, davlat tilidagi matn ustuvorlikka ega.
11.6. Taraflarning Abonentga Uzcloud brendi ostida bulutli xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq va ushbu Oferta bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga solinmagan barcha huquqiy munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni (27.12.2024-y., O‘RQ-1015-son), Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari (26.01.2026-y., ro‘yxat raqami 3762), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
11.7. Ushbu Oferta https://uztelecom.uz/ru/o-kompanii/publichnaya-oferta/ va https://uzcloud.uz/oferta saytlarida e’lon qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ruxsat etilgan foydalanish siyosati (AUP)
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Uzcloud brendi ostida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi xizmatlari va bulutli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ommaviy ofertasiga 1-ilova
Ushbu Siyosat (Acceptable Use Policy, keyingi o‘rinda - AUP) “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Uzcloud brendi ostida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi xizmatlari va bulutli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ommaviy ofertasining ajralmas qismi hisoblanadi va bulutli infratuzilmadan xavfsiz hamda qonuniy foydalanish qoidalarini belgilaydi. AUP talablarining buzilishi Ofertaning jiddiy buzilishi deb hisoblanadi va Operatorga sud qarorisiz Xizmatlar ko‘rsatishni darhol to‘xtatib qo‘yish huquqini beradi.
A. Taqiqlangan faoliyat turlari
A.1. Qonunchilik va uchinchi shaxslar huquqlarining buzilishi
Quyidagilarni buzuvchi har qanday kontentni saqlash, nashr etish, uzatish yoki tarqatishga ko‘maklashish qat’iyan man etiladi:
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi;
- mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik (pirat kontent, torrent-trekerlar, litsenziyasiz dasturiy ta’minot);
- davlat siri va maxfiy axborot to‘g‘risidagi qonunchilik;
- O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalar.
A.2. Ekstremizm va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi kontent
Terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, millatlararo, diniy yoki ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishni targ‘ib qiluvchi har qanday materiallarni, shuningdek, voyaga yеtmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik (CSAM) kontentini joylashtirish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi. Ushbu taqiq mutlaq taqiq hisoblanadi va hech qanday istisnolarga yo‘l qo‘yilmaydi.
A.3. Kiberjinoyatchilik va zararli dasturiy ta’minot
Quyidagilarni yaratish, saqlash, tarqatish yoki boshqarish taqiqlanadi:
- viruslar, troyanlar, tovlamachi dasturlar (ransomware), josuslik dasturlari va Malware dasturiy ta’minotining har qanday shakllari;
- eksploytlar, tizimlarga ruxsatsiz kirish uchun vositalar;
- botnet-tarmoqlar va C&C (command-and-control) serverlari;
- fishing saytlari va ijtimoiy injeneriya vositalari.
A.4. Tarmoq hujumlari
Quyidagilar taqiqlanadi:
- DDoS-hujumlar, SYN-flood, UDP-amplification va boshqa turdagi “xizmat ko‘rsatishni rad etish” hujumlarini tashkil etish yoki ularda ishtirok etish;
- uchinchi shaxslarning portlari va tarmoqlarini ruxsatsiz skanerlash;
- egasining yozma roziligisiz tarmoq trafigini ushlab qolish (sniffing);
- IP-spoofing, MAC-spoofing va tarmoq identifikatorlarini boshqa usullar bilan almashtirish;
- uchinchi shaxslarning yozma ruxsatisiz ularning tizimlarida Penetration testing va xavfsizlik auditini o‘tkazish.
A.5. Spam va ommaviy xabarnomalar
Qabul qiluvchilarning hujjatlashtirilgan roziligisiz (opt-in) elektron pochta xabarlari, SMS, push-xabarnomalarni ommaviy ravishda ruxsatsiz yuborish taqiqlanadi. Operator resurslaridan ochiq SMTP-releylar (open relay) sifatida foydalanish taqiqlangan. Chiquvchi TCP-port 25 avtomatik ravishda bloklangan.
A.6. Firibgarlik va yashirin faoliyat
Quyidagilar taqiqlanadi:
- fishing resurslari, moliyaviy piramidalar, soxta internet-do‘konlar xostingi;
- litsenziyalanmagan moliyaviy, sug‘urta yoki investitsiya xizmatlari;
- O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan beriladigan litsenziyasiz noqonuniy internet-kazino va bukmeykerlik operatsiyalar;
- taqiqlangan tovarlar (giyohvand moddalar, qurol-yarog‘lar, soxta hujjatlar va hokazolar)ning savdosi.
A.7. Kriptovalyutalar mayningi
Operator bilan maxsus kelishuv tuzmasdan hisoblash resurslaridan (ayniqsa GPU-profillardan) Proof-of-Work algoritmlari bo‘yicha kriptovalyutalar mayningi uchun foydalanish taqiqlanadi.
A.8. AI-as-a-Service resurslaridan foydalanish
AIaaS servislaridan foydalanishda qo‘shimcha ravishda quyidagilar taqiqlanadi:
- A.1 va A.2 bo‘limlarini buzuvchi kontentni generatsiyalash;
- muayyan shaxslarni obro‘sizlantirish maqsadida ularning roziligisiz deepfake-materiallar yaratish;
- dezinformatsiya va feyk yangiliklarni avtomatlashtirilgan tarzda generatsiyalash;
- AI-modellarning xavfsizlik va filtrlash tizimlarini chetlab o‘tish (jailbreak).
B. Insidentlarga nisbatan choralar ko‘rish
B.1. Operator platformaning neytralligi tamoyiliga amal qilgan holda, Abonent Kontentini amaliy darajada oldindan moderatsiya qilmaydi.
B.2. Huquq egalaridan, xalqaro antispam tashkilotlaridan shikoyatlar kelib tushganda yoki O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlaridan rasmiy ko‘rsatmalar berilganda, Operator Abonentni xabardor qiladi. Abonent 24 (yigirma to‘rt) soat ichida qonunbuzarlikni mustaqil ravishda bartaraf etishi shart.
B.3. “Nolinchi kun” xavfi, Abonent resurslaridan chiquvchi faol kiberhujum yoki ma’lumotlar markazi xavfsizligiga jiddiy tahdid yuzaga kelgan taqdirda, Operator Abonent resurslarini oldindan xabardor qilmasdan darhol izolyatsiya qilishga haqli.
B.4. Operator O‘zbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlarining resurslarni bloklash yoki ma’lumot taqdim etish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari va majburiy ko‘rsatmalarini ijro etishga majbur.
Xizmat ko‘rsatish darajasi to‘g‘risidagi kelishuv (SLA) — kengaytirilgan shartlar
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Uzcloud brendi ostida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi xizmatlari va bulutli xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ommaviy ofertasiga 2-ilova
I. Xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjudligi ko‘rsatkichlari va SLA taqdim etish shartlari
1. Xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjudligining maqsadli ko‘rsatkichlari
Operator Xizmatlarning quyidagi oylik mavjudlik darajalarini kafolatlaydi:
| Servis | Maqsadli SLA | Min. kompensatsiya | Izoh |
|---|---|---|---|
| IaaS (virtual serverlar) | 99,95% | oylik to‘lovning 5 foizi | - |
| Block Storage / Object Storage | 99,95% | oylik to‘lovning 5 foizi | - |
| PaaS (boshqariladigan MB, Kubernetes) | 99,90% | oylik to‘lovning 5 foizi | - |
| Security-as-a-Service | 99,90% | oylik to‘lovning 5 foizi | - |
| SaaS / AI-as-a-Service | 99,00% | oylik to‘lovning 5 foizi | - |
SLA Spot-instansiyalarga, Beta-funksiyalarga va rejali texnik ishlar davriga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mavjudlikni hisoblash formulasi
Mavjudlik (%) = ((Oydagi jami daqiqalar soni − Dauntaym daqiqalarda) / Oydagi jami daqiqalar soni) × 100
30 kunlik oy uchun: 43 200 daqiqa. SLA 99,95% bo‘lganda, yo‘l qo‘yiladigan to‘xtalish budjeti = 21 daqiqa 36 soniya.
3. Kompensatsiyalar shkalasi (Servisli kreditlar)
| Bir oylik mavjudlik | To‘xtalish vaqti (oyiga) | Servisli kredit |
|---|---|---|
| < 99,95 % - ≥ 99,50 % | ~3 soat 36 daqiqagacha | 5 % |
| < 99,50 % - ≥ 99,00 % | ~7 soat 12 daqiqagacha | 15 % |
| < 99,00 % | 7 soat 12 daqiqadan ortiq | 30 % |
Bir oy uchun maksimal umumiy kredit tegishli Xizmat bo‘yicha oylik to‘lovning 50 foizidan oshmaydi. Servisli kreditlar SLA buzilganda yagona va to‘liq kompensatsiya vositasi hisoblanadi.
4. Kompensatsiya olish tartibi
Abonent quyidagilarni bajarishi shart:
1. Insident yuz bergan oy tugaganidan keyin 10 (o‘n) kalendar kunidan kechiktirmay Platformaning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatida tiket ochish.
2. Xizmatdan foydalanish imkoniyati mavjud emaslikning isbotlari (loglar, monitoring skrinshotlari)ni ilova qilish.
3. Gipervizor ma’lumotlari bo‘yicha Operator tomonidan Dauntaym fakti tasdiqlanishini kutish; kredit keyingi hisob-kitob davrida hisoblanadi.
5. SLA bo‘yicha istisnolar
Quyidagi hollarda Dauntaym SLA hisob-kitobida hisobga olinmaydi:
- 48 soat oldin xabardor qilingan rejali texnik ishlar;
- konfiguratsiya xatolari, resurslarning haddan tashqari yuklanishi yoki Abonentning boshqa harakatlari/harakatsizligi;
- Abonentning IP-manzillariga yo‘naltirilgan DDoS-hujumlar, agar ularni qaytarish null-routingni talab qilgan bo‘lsa;
- AUP buzilishi yoki to‘lov amalga oshirilmaganligi sababli xizmatning to‘xtatilishi (Suspend);
- fors-major holatlari (9-bo‘lim);
- Uzcloud infratuzilmasidan tashqaridagi boshqa operatorlar tarmoqlaridagi nosozliklar;
- Spot-instansiyalardan foydalanish (1-bo‘limdagi ta’rifga qarang);
- Beta-funksiyalardan foydalanish (1-bo‘limdagi ta’rifga qarang).
II. Standart texnik qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirish shartlari va parametrlari
1. Standart texnik qo‘llab-quvvatlash parametrlari
Ushbu bo‘lim Ommaviy oferta doirasida barcha Abonentlarga qo‘llaniladigan standart texnik qo‘llab-quvvatlash (“Standard”) darajasi parametrlarini belgilaydi. Kengaytirilgan individual qo‘llab-quvvatlash shartlari, jumladan, yuqori darajadagi SLA va menejer biriktirilishi Ofertaning 2.4-bandiga muvofiq Individual shartnoma (Enterprise Agreement) bilan belgilanadi.
| Parametr | Standard |
|---|---|
| Murojaat kanallari | – Texnik qo‘llab-quvvatlash portali (tiket-tizimi): support.Uzcloud.uz – Elektron pochta: support@Uzcloud.uz – Telegram-bot: @Uzcloud_support_bot |
| Qo‘llab-quvvatlash tillari | rus tili, o‘zbek tili |
| Ish vaqti | 9:00–18:00, ish kunlari (dushanba-juma, O‘zbekiston Respublikasidagi bayram kunlaridan tashqari) |
| Birlamchi javob vaqti | Murojaat ro‘yxatga olingan paytdan boshlab, 2 (ikki) ish soati |
| Insidentni hal qilishning maqsadli vaqti | P1 - 4 ish soati; P2 - 1 ish kuni; P3 - 3 ish kuni; P4 - 5 ish kuni (insidentlar ustuvorligi - ushbu ilovaning 2-bandiga qarang) |
Javob berish va hal qilish vaqti qo‘llab-quvvatlash xizmatining belgilangan ish soatlari doirasida hisoblanadi va Abonentdan javob kutish vaqtini o‘z ichiga olmaydi.
2. Insidentlarning ustuvorligi
Har bir murojaatga Abonent faoliyatiga ta’sir qilish darajasiga qarab, ustuvorlik belgilanadi:
| Daraja | Tavsif / Misol | Javob vaqti | Hal qilish vaqti |
|---|---|---|---|
| P1 – Jiddiy | Xizmatdan foydalanish imkoniyati to‘liq mavjud emasligi: virtual serverlar ishga tushmayapti, ombor/tarmoq mavjud emas. Asosiy ishlab chiqarish muhiti to‘xtagan. | 2 ish soati | 4 ish soati |
| P2 - Yuqori | Ish unumdorligining sezilarli darajada pasayishi yoki qisman mavjud emasligi. Ishlash imkoniyati bor, lekin sezilarli darajada qiyinlashgan. | 2 ish soati | 1 ish kuni |
| P3 - O‘rtacha | Ishga unchalik katta bo‘lmagan ta’sir: alohida funksiya noto‘g‘ri ishlayapti, muqobil yеchimlar mavjud. | 2 ish soati | 3 ish kuni |
| P4 - Past | Umumiy savollar, maslahat so‘rovlari, funksionallik bo‘yicha takliflar. Ishga ta’sir mavjud emas. | 2 ish soati | 5 ish kuni |
3. Eskalatsiya tartibi
Agar Abonent insident qoniqarsiz ko‘rib chiqilmoqda yoki muddatlar buzilmoqda, deb hisoblasa, u eskalatsiyani boshlashga haqli:
1-daraja - Katta qo‘llab-quvvatlash muhandisi. Abonent tiketni “Escalate” belgisi bilan belgilaydi yoki escalation@Uzcloud.uz manziliga so‘rov yuboradi. Reaksiya - 1 ish soati ichida.
2-daraja - Texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati rahbari. Agar 1-daraja vaziyatni 4 ish soati ichida hal qilmasa, qo‘llaniladi. escalation@Uzcloud.uz manziliga “Level 2” belgisi bilan qayta murojaat qilish orqali boshlanadi.
3-daraja - Tijoriy eskalatsiya yo‘li. Individual shartnoma tuzgan Abonentlar bunday shartnoma shartlariga muvofiq biriktirilgan menejerga (TAM/CSM) to‘g‘ridan to‘g‘ri eskalatsiya qilish huquqiga ega.
4. Rejali texnik ishlar va xabardor qilish
4.1. Operator kelishilgan xizmat ko‘rsatish vaqtlarida rejali texnik ishlarni amalga oshiradi. Standart vaqt: shanba, Toshkent vaqti bilan 00:00–06:00. Ishlarni kelishilgan standart vaqtdan tashqari vaqtda o‘tkazish zarurati tug‘ilganda, Operator Abonentni kamida 48 soat oldin xabardor qiladi.
4.2. Rejali ishlar haqidagi xabarnomalar quyidagilarda e’lon qilinadi: (a) Shaxsiy kabinetning “Xabarnomalar” bo‘limida; (b) “UZCLOUD” rasmiy Telegram-kanalida: @Uzcloud_status; (v) status sahifasida: status.Uzcloud.uz.
4.3. Belgilangan muddatlarda xabarnoma yuborilgan rejali ishlar davrlari Ofertaning 6.5-bandiga muvofiq Dauntaym hisob-kitobidan chiqarib tashlanadi.
5. Individual qo‘llab-quvvatlash va kengaytirilgan SLA
Ofertaning 2.4-bandiga muvofiq Individual shartnoma (Enterprise Agreement) tuzgan korporativ Abonentlar qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatishning kengaytirilgan shartlarini kelishishga haqli, jumladan:
- standart qiymatlardan yuqori bo‘lgan maqsadli SLA ko‘rsatkichlari va mavjudlik kafolatlari;
- texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha biriktirilgan menejer (TAM - Technical Account Manager);
- Abonent bilan ishlash bo‘yicha menejer (CSM - Customer Success Manager);
- insidentlarga reaksiya bildirish va hal qilishning qisqartirilgan muddatlari;
- 24/7 qo‘llab-quvvatlash rejimi, jumladan, dam olish va bayram kunlari;
- qo‘shimcha aloqa kanallari (alohida Slack-kanal, ustuvor telefon liniyasi va hokazolar).
Individual qo‘llab-quvvatlash, kengaytirilgan SLA parametrlari va ularni qo‘llash shartlari faqat Individual shartnoma bilan belgilanadi va bunday shartnomada to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan qismida ushbu ilovadan ustuvorlikka ega.
Ushbu Oferta, uning 1- va 2- ilovalari, shuningdek, https://Uzcloud.uz/pricing saytida joylashtirilgan amaldagi tariflar, agar Individual shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, birgalikda predmet qismi bo‘yicha Operator va Abonent o‘rtasidagi to‘liq kelishuvni tashkil etadi.